Abstract
<jats:p>Ushbu maqolada ochiq o‘zanlarda suv sarfini o‘lchash uchun mo‘ljallangan “Smart Channel” qurilmasining sezuvchanligi va minimal suv sarfi eksperimental usulda baholangan. Tadqiqotning dolzarbligi sug‘orish tizimlarida suv resurslarini oqilona boshqarish, suv hisobini aniq yuritish va kichik sarflarni ishonchli qayd etish zarurati bilan izohlanadi. Tajribalar Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida joylashgan “Smart Solution System” MCHJning “Gidravlika va gidrometriya” laboratoriyasida olib borildi. Tadqiqot obyekti sifatida 60×60 sm o‘lchamdagi “Smart Channel” qurilmasi namunasi qabul qilindi. Qurilmaning ishlash prinsipi tezlik–maydon usuliga asoslangan bo‘lib, suv sarfi oqimning o‘rtacha tezligi va tirik kesim yuzi orqali aniqlanadi. Tajriba natijalari 60×60 sm o‘lchamdagi “Smart Channel” qurilmasi namunasi uchun o‘rtacha sezuvchanlik chegarasi 0,45 sm/s ga teng ekanini, minimal qayd etilgan suv sarfi esa 0,269 l/s ni tashkil etganini ko‘rsatdi. Qurilmaning o‘lchash aniqligi namunaviy elektromagnit sarf o‘lchagich hamda hajmiy usul bilan taqqoslash orqali baholandi. Natijalarga ko‘ra, “Smart Channel” qurilmasining xatoligi namunaviy sarf o‘lchash vositasiga nisbatan +2,47 % dan -2,48 % gacha, hajmiy usulga nisbatan esa +2,43 % dan -2,47 % gacha oraliqda o‘zgargan. Olingan ma’lumotlar “Smart Channel” qurilmasi kichik suv sarflarini qayd etish va ochiq o‘zanlarda suv hisobini yuritishda amaliy jihatdan qo‘llash mumkin bo‘lgan qurilma ekanini tasdiqlaydi. Tadqiqot natijalari qurilmaning minimal suv sarfini asoslash, sezuvchanlik chegarasini aniqlash va qiyoslash metodikasini takomillashtirish uchun ilmiy asos yaratadi.</jats:p>